ZABUR
Kirish
Zabur kitobi
Xudoga bagʻishlangan turli mazmundagi sheʼrlarning majmuasidir. Ularni baʼzan qoʻshiq qilib kuylashgan, baʼzan esa yakka tartibda yoki guruhda ibodat sifatida aytishgan. Kitob 150 ta sanodan iborat boʻlib, aksariyat sanolarning muallifi shoh Dovud hisoblanadi. Sanolar yillar davomida toʻplangan.
Isroil xalqining Xudoga sajda qilishida bu sanolar muhim oʻrin egallaydi.
Sanolarda
ibroniy sheʼriyatining parallelizm deb atalgan usuli keng qoʻllanilgan. Odatda bu usul biror gʻoyani tasdiqlash, unga urgʻu berish yoki qoʻshimcha maʼno ifodalash maqsadida ishlatiladi. Parallelizm hosil qilishda mazmunan yaqin boʻlgan gaplar juft misralarda birin–ketin, turli soʻzlar bilan takrorlanadi. Misol uchun,
“Ey shohlar! Endi aql bilan ish qiling.
Ey zamin hukmdorlari! Ogoh boʻling.” (2:10)
Sanolarda Muqaddas Kitob tarkibidagi koʻp kitoblarning bosh gʻoyasi oʻz aksini topadi. Bu gʻoyalar hamdu sano, shukrona, imon, umid–ishonch,
gunoh oqibatidagi qaygʻu, Xudoning sodiqligi va madadi kabilardan iborat. Barcha sanolarning tub magʻzida Xudoga boʻlgan qattiq ishonch, Unga nisbatan samimiy izzat–hurmat yotadi. Sanolarning ijodkorlari oʻzlarining chinakam his–tuygʻularini ifodalab, Xudoni cheksiz marhamati uchun olqishlaydilar, qiyinchilik paytlarida esa yurakdagi dardlarini toʻkib soladilar.
Qadimgi Isroilda sanolar mazmuniga koʻra turli holatlarda quyidagicha ishlatilgan:
Xudoga hamdu sano aytish uchun (masalan, 104–sano),
qaygʻu–gʻamlarni ifodalash uchun (masalan, 12–sano),
taʼlim berish uchun (masalan, 1–sano),
Isroil shohiga izzat–hurmatini ifoda etish uchun, uning hukmronligi davrida adolat ustun boʻlishini tilab, Xudoga ibodat qilish uchun (masalan, 71–sano),
jamiki borliq ustidan hukmron boʻlgan Xudoning qudratini eʼtirof etish uchun (masalan, 46–sano),
Quddusga boʻlgan sevgini izhor etish uchun (masalan, 121–sano),
bayramlarni nishonlash uchun (masalan, 125–sano).
Albatta, aksariyat sanolardan bittadan ortiq maqsadda foydalanilgan.
Iso
Masih vaʼz qilganda va taʼlim berganda sanolardan foydalangan.
Yangi Ahd mualliflari ham sanolarning baʼzilarini oʻz kitoblarida qayd etib oʻtganlar. Ilk masihiylar ham sajda qilganlarida, taʼlim berganlarida, Iso Masih haqidagi
Xushxabarni boshqalarga hikoya qilib berganlarida sanolardan foydalanganlar.