…U Shabbat kuniga rioya qilmayapti…farziylar Tavrotdagi qonunni (Chiqish 34:21 ga qarang) oʻzlaricha jiddiy sharhlab, hatto inson hayotiga oid ikir–chikirlarni ham qonun darajasiga koʻtarganlar. Shuning uchun ular Iso qilgan ishni Shabbat kuniga xilof ish deb hisoblaganlar.
Inson Oʻgʻliyunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Xudoning Oʻgʻli.
Exod.20.5; Ezek.18.19
John.4.34; John.11.9; John.12.35
John.1.4; John.8.12; John.12.46
Mark.7.33; Mark.8.23
Isa.8.6; Luke.13.4
John.5.9
Exod.20.8-Exod.20.10; Num.15.32-Num.15.36; John.7.43; John.10.19
John.4.19; John.6.14
John.7.13; John.12.42; John.16.2
Josh.7.19
John.7.27; John.8.14
Job.27.9; Ps.65.18; Prov.15.8; Prov.28.9; Isa.59.2
John.4.26
Rom.2.19
John.15.22; Jas.4.17

YUHANNO

BAYON ETGAN MUQADDAS

XUSHXABAR

Kirish

Mazkur kitob Yangi Ahd tarkibidagi toʻrtta Xushxabarning toʻrtinchisidir. Kitobning muallifi Zabadiyoning oʻgʻli baliqchi Yuhannodir. Yuhanno, Butrus va Yuhannoning akasi Yoqb Iso Masihning eng yaqin shogirdlari hisoblanadi. Yuhanno bu kitobda oʻz ismini ishlatmay, oʻzini Iso Masihning sevikli shogirdi deb tilga oladi (masalan, 13:23 ga qarang).
Mazkur kitob zamirida Iso Masihning shaxsiyati, ilohiy Kalom inson boʻlib kelgani, Masihning Oʻz samoviy OtasiXudo bilan boʻlgan munosabati va Iso Masihga eʼtiqod qilish kabi mavzular yotadi. Iso Masih odamlarga Oʻzining kimligini tushuntirmoqchi boʻlib, turli obrazlardan foydalanadi. U Oʻzini “hayot noni”, “hayotbaxsh suv manbai”, “olamning nuri”, “yaxshi choʻpon”, “yoʻl, haqiqat va hayot”, “haqiqiy tok” va “odamlarni oxiratda tiriltiruvchi, ularga hayot beruvchi Zot” deb ataydi.
Bu Xushxabar nima maqsadda yozilgani 20:31 da aytib oʻtilgan: “Toki sizlar Isoning Masih, Xudoning Oʻgʻli1 ekanligiga ishonib, bu imoningiz tufayli hayotga ega boʻlinglar.” Muallif Isoning taʼlimotini qiziqarli mantiqiy mulohazalar orqali taqdim etadi, u nur va zulmat, imon va imonsizlik, sevgi va nafrat, osmon va bu dunyo borasida soʻz yuritadi.
Ushbu kitob azaldan mavjud boʻlgan Kalom haqidagi maʼlumot bilan boshlanadi. Ilohiy Kalom dunyo yaratilishidan oldin mavjud boʻlgan. Nimaiki yaratilgan boʻlsa, oʻsha Kalom orqali vujudga kelgan. Xudoning Kalomi inson boʻlib tugʻildi, U Iso Masih edi. Iso Masih zulmatga gʻarq boʻlgan bu dunyoga hayot nurini olib keldi. Masihga ishongan har bir kishi samoviy Otani tanib oladi va abadiy hayotdan bahramand boʻladi.
Kitobning birinchi qismidan (1-12–boblar) Isoning qilgan moʻjizalari oʻrin olgan, muallif Isoni Xudoning Oʻgʻli, Xudo vaʼda qilgan Najotkor ekanligini eʼtirof etadi. Koʻp odamlar Isoga ishonib, Unga ergashadilar. Baʼzilar esa Unga qarshi boʻladilar.
Kitobning 13-17–boblarida Isoning Oʻz shogirdlariga qilgan gʻamxoʻrligiga, Ustoz va shogirdlari orasidagi munosabatga eʼtibor beriladi. Iso xochdagi oʻlimidan oldin, Qutlugʻ ziyofatda shogirdlarini ogohlantirib, yaqinlashayotgan fojiadan qoʻrqmasliklarini aytadi va ularga dalda beradi.
Isoning hibsga olinishi, kaltaklanishi, oʻldirilishi va tirilishi haqidagi hodisalar kitobning soʻnggi qismidan oʻrin olgan (18-21–boblar). Iso tirilgandan keyin bir necha marta shogirdlariga zohir boʻlgani haqidagi voqealar kitobga yakun yasaydi.


1Xudoning Oʻgʻli — Iso Masihning unvoni. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING OʻGʻLI iborasiga qarang.
Muqaddas Kitob
http://ibt.org.ru/muqaddas-kitob/lotin
Muqaddas Kitob (2020) Zamonaviy oʻzbek tilidagi tarjima, izohlar va qoʻshimcha maʼlumotlar ilova qilingan. Mazkur nashr Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti tomonidan Oʻzbekiston Bibliya jamiyati bilan hamkorlikda tayyorlangan

ISBN 978-5-93943-213-9

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020



Creative Commons: by-nd: © Институт перевода Библии; Информацию о лицензии этого издания можно найти здесь: https://wiki.creativecommons.org/images/d/d4/Attribution_3.0_%D0%A1%D0%A1_BY-ND_rus.pdf

Муқаддас Китобни таржима қилиш институти
Институт перевода Библии, 101000 Москва, Главпочтамт, а/я 360
ibt_inform@ibt.org.ru
Orqaga
Yopish
:

Iso tugʻma koʻrga shifo beradi

1 Iso yoʻlda ketayotib, bir tugʻma koʻr odamni koʻrib qoldi.
2 Shogirdlari Isodan soʻradilar:
— Ustoz, kimning gunohi uning koʻr boʻlib tugʻilishiga sababchi boʻldi? Oʻzinikimi yoki ota–onasinikimi?
3 Iso shunday javob berdi:
— Bu odamning gunohi ham, ota–onasining gunohi ham bunga sabab boʻlmagan. Xudoning ishlari unda namoyon boʻlishi uchun u koʻr tugʻilgan.
4 Kun yorugʻ ekan, Meni Yuborganning ishlarini qilishimiz lozim. Ana tun kelyapti, oʻshanda hech kim ish qila olmaydi.5 Men olamda bor ekanman, olamning nuridirman.
6 Iso bularni aytdi–yu, yerga tupurdi, tupukdan loy qilib, koʻrning koʻzlariga surtdi.
7 Soʻng unga:
— Borib, Siloam hovuzida yuvingin, — dedi. (Siloam “yuborilgan” demakdir.)
Koʻr odam borib yuvindi va koʻra oladigan boʻlib qaytdi.
8 Shunda uning qoʻshnilari va ilgari uning sadaqa soʻraganini koʻrgan odamlar:
— Bu haligi tilanchilik qilib oʻtirgan odam emasmi? — deb soʻrashardi.
9 Baʼzilar:
— Bu xuddi oʻsha, — desalar, boshqalar:
— Yoʻq, oʻshanga oʻxshaydi, xolos, — deyishardi. Odamning oʻzi esa:
— Oʻsha menman, — deb taʼkidlardi.
10 — Unday boʻlsa, koʻzlaring qanday ochildi? — deb soʻradilar.
11 — Iso degan kishi loy qilib, koʻzlarimga surtdi–yu, “Borib, Siloam hovuzida yuvingin”, dedi. Men borib yuvindim va koʻradigan boʻlib qoldim, — dedi shifo topgan koʻr.
12 — Oʻsha Odam qani? — deb soʻradilar.
— Bilmayman, — deb javob berdi u.

Farziylar sogʻaygan koʻrni soʻroq qilishadi

13 Ilgari koʻr boʻlgan oʻsha odamni farziylarning oldiga keltirishdi.
14-15 Farziylar ham bu odamdan koʻzlari qanday ochilganini soʻradilar.
— U koʻzlarimga loy surtdi. Men yuvindim–u, koʻzlarim koʻradigan boʻldi, — dedi haligi odam.
Iso loy qilib, koʻrning koʻzlarini ochgan kun Shabbat kuni edi. Shuning uchun
16 farziylardan baʼzilari:
— Koʻzlaringni ochgan Odam Xudodan emas, chunki U Shabbat kuniga rioya qilmayapti, — dedilar. Boshqalari esa:
— Gunohkor odam bunday moʻjizali alomatlarni qanday qila oladi? — deyishdi. Shunday qilib, oralarida kelishmovchilik paydo boʻldi.
17 Shunda farziylar koʻr odamdan yana soʻradilar:
— U Kishi haqida sen nima deysan? U sening koʻzlaringni ochdi–ku!
— U paygʻambar, — deb javob berdi koʻr.
18 Biroq yahudiylar koʻzlari ochilgan odamning ota–onasini chaqirtirmaguncha, uning ilgari koʻr boʻlganiga va koʻzlari ochilganiga ishonmadilar.
19 Ular koʻrning ota–onasiga shunday savol berdilar:
— Koʻr tugʻilgan, deb aytgan oʻgʻlingiz shumi? Xoʻsh, endi qanday qilib uning koʻzlari koʻryapti?
20 Ota–onasi javob berishdi:
— Bu bizning oʻgʻlimiz ekanligini bilamiz. Uning koʻr tugʻilganini ham bilamiz.
21 Lekin qanday qilib koʻzlari koʻrayotganini va koʻzlarini kim ochganini biz bilmaymiz. U balogʻatga yetgan, oʻzidan soʻranglar. Oʻzi uchun oʻzi javob bersin.
22 Koʻrning ota–onasi yahudiylardan qoʻrqqanlari uchun shunday dedilar. Din arboblari bundan avval, kim Isoning Masihligini tan olsa, sinagogadan chetlashtirilsin, deb qaror qilgan edilar.
23 Ana shu sababdan koʻrning ota–onasi: “U balogʻatga yetgan, oʻzidan soʻranglar”, deb aytishgandi.
24 Shunday qilib, ilgari koʻr boʻlgan odamni ikkinchi marta chaqirib, deyishdi:
— Rostini aytaman, deb Xudoning nomi bilan qasam ich! Biz u Odamning gunohkorligini bilamiz.
25 Koʻr shunday javob berdi:
— U gunohkormi, yoʻqmi, men bilmayman. Shuni bilamanki, men koʻr edim, endi esa koʻzlarim koʻryapti.
26 — U senga nima qildi? Koʻzlaringni qanday ochdi? — deb undan soʻradilar.
27 — Sizlarga aytib berdim–ku, ammo sizlar quloq solmadingizlar! Nega buni yana eshitmoqchisizlar?! Nahotki sizlar ham Uning shogirdlari boʻlmoqchisizlar?! — dedi u odam.
28 Yahudiylar esa uni haqoratlab, deyishdi:
— Sen oʻzing Uning shogirdisan! Biz esa Musoning shogirdlarimiz!
29 Musoga Xudo gapirganini bilamiz. Bu Kishi–chi, Uning qayerdanligini ham bilmaymiz.
30 Koʻzi ochilgan odam shunday javob berdi:
— Ana shunisi juda ajablanarli–da! Sizlar Uning qayerdanligini bilmaysizlar, U esa koʻzlarimni ochdi!
31 Gunohkorlarga Xudo quloq solmasligini bilamiz. Uning irodasiga amal qilgan taqvodorlarga esa Xudo quloq soladi.32 Tugʻma koʻrning koʻzlarini biror kishi ochgani hayotda eshitilmagan gap.33 Agar u Kishi Xudodan boʻlmaganda edi, hech narsa qilolmasdi.
34 Yahudiylar bunga javoban:
— Sen butunlay gunoh ichida tugʻilgansan, endi bizga aql oʻrgatyapsanmi?! — deyishdi–da, uni sinagogadan haydab chiqarishdi.

Qalbi koʻrlar

35 Oʻsha odamning haydab chiqarilganligini Iso eshitdi–yu, uni qidirib topdi.
— Sen Inson Oʻgʻliga ishonasanmi? — deb soʻradi undan.
36 U odam esa Isoga dedi:
— Hazrat, U kimdirki, men Unga ishonsam?
37 — Uni koʻrib turibsan, U bilan gaplashib turibsan, — dedi Iso.
38 Shunda u odam:
— Ishonaman, yo Rabbiy, — dedi–da, Isoga sajda qildi.
39 Iso:
— Koʻrlar koʻrsin, koʻzi ochiqlar esa koʻr boʻlsin deb, Men bu dunyoni hukm qilgani kelganman, — dedi.
40 Uning atrofida baʼzi farziylar turgan edi. Ular bu gapni eshitgach:
— Nahotki bizlar ham koʻr boʻlsak? — deb soʻrashdi.
41 Iso ularga dedi:
— Agar koʻr boʻlganingizda, gunohda ayblanmas edingiz. Lekin sizlar “Koʻzlarimiz koʻryapti” deganingiz uchun gunohingiz oʻz boʻyningizda qoladi.