PAVLUSNING
EFESLIKLARGA
MAKTUBI
Kirish
Mazkur maktub muallifi
havoriy Pavlusdir. Pavlus bu maktubini qamoqda boʻlgan paytda
1 Efes shahridagi imonlilar
jamoatiga yozgan. Efes shahri Rim imperiyasidagi Asiya viloyatining markazi boʻlib, muhim ahamiyatga ega edi. Bu
bandargoh shahar hozirgi Turkiyaning gʻarbida, Egey dengizi boʻyida joylashgan. Pavlus
Xushxabarni yoyish va taʼlim berish maqsadida bir necha marta Efesga borgan, u yerda ikki yil yashagan.
Ushbu maktubda yangi
ahd ilohiyotining asoslari batafsil va izchil tarzda bayon qilinadi. Pavlus bu maktubida imonlilarga
Masihda pinhon boʻlgan aql bovar qilmas ilohiy boylik haqida yozadi, masihiylarni kundalik hayotlarida oʻsha ruhiy manbadan foydalanishga chaqiradi. Biz savob ishlarimiz tufayli emas,
inoyat tufayli
najot topganimizni,
Xudoga hamdu sanolar aytish uchun yaralganimizni bizga eslatadi. Bularning hammasida Xudo yagona maqsadni koʻzlaydi: U yeru
osmondagi bor mavjudotni Masihning hokimiyati ostiga birlashtirmoqchi ekanini aytadi (
1:10 ga qarang). Xudo bu rejasini amalga oshirishni masihiylar jamoatidan boshlaydi. Iso Masihning toʻkilgan qoni tufayli jamoat Xudo bilan yarashib, yakdillikka erishadi. Jamoatning yakdilligi orqali Xudo butun borliqqa Oʻz donoligiyu ulugʻvorligini namoyon qiladi. Maktubda ishlatilgan metaforalar Xudoning jamoati Masihga tegishli ekanini koʻrsatadi. Masalan, jamoat bir tana boʻlsa, Masih uning boshidir, jamoat bino boʻlsa, Masih uning tamal toshidir.
Maktubning dastlabki qismida (1-3–boblar) samoda biz uchun saqlangan ruhiy barakalar haqida yozilgan. Xudo Oʻz xalqini tanlagani, Iso Masih orqali ularni kechirib,
gunohlaridan xalos etgani, qut–barakalarga kafil sifatida ularga
Muqaddas Ruhni bergani bayon etiladi. Pavlus masihiylarni duo qilib, ular uchun Xudoga yolvoradi. Uning nihoyatda goʻzal va chuqur mazmunga ega boʻlgan bu mumtoz ibodatlari odamlarga yod boʻlib ketgan (
1:15-23, 3:14-21 ga qarang).
Maktubning soʻnggi qismida (4-6–boblar) Pavlus imonlilarga nasihatlar qiladi. Ularni Masihga munosib hayot kechirishga, Xudoning farzandi degan nomga loyiq tarzda yashashga undaydi. Bir vaqtlar ular zulmatga gʻarq boʻlgan edilar, endi esa ular nurga toʻla insonlar kabi yashashi lozim. Mana shu nur ularning hayot tarzida aks etib turishi kerak. Shuningdek, Pavlus er–xotinlik munosabatlari, ota–ona va farzandlar, xoʻjayin va qul munosabatlari haqida taʼlim beradi. Pavlus mazkur maktubini yakunlar ekan,
yovuz ruhiy kuchlarga qarshi kurashish haqida soʻz yuritadi. Masihiylarni Xudo bergan qurol–aslahalar bilan qurollanib,
iblisning hiylalariga qarshi turishga chaqiradi. Ularni har qanday sharoitda Muqaddas Ruhga tayanib duo–ibodat qilishga, hushyor va sabotli boʻlishga daʼvat qiladi.