SHOHLAR
(UCHINCHI KITOB)
Kirish
“Shohlar (uchinchi kitob)”da
Isroil tarixining davomi bayon qilinadi. Mazkur kitobdagi voqealar tafsiloti Dovud va Sulaymonning birlashgan shohlikka hukmronlik qilish davri bilan boshlanadi. Kitobning davomida shohlikning boʻlinib ketishi, mustaqil
Yahudo va Isroil shohliklarining yuzaga kelishi va oʻsha shohliklarning ilk davri bayon qilinadi. Oʻsha davrda hukmronlik qilgan shohlarning muvaffaqiyati ularning siyosiy yoki iqtisodiy yutuqlari bilan emas, balki Xudoga boʻlgan sadoqati bilan baholanar edi. Bu kitobda “Shohlar (toʻrtinchi kitob)” bilan birga Yahudo va Isroil tarixining faqat eʼtiborga sazovor boʻlgan muayyan voqealari va shaxslari haqida soʻz yuritiladi. Bundan maqsad — tarixda tanazzulga yuz tutgan ikkala shohlikning qismati toʻgʻrisida hikoya qilish orqali kitobxonga axloq borasida saboq berishdir. Bu ikkala shohlikning aholisi
paygʻambarlarga quloq solmay,
Xudodan yuz oʻgirganlari uchun dushmanlarga magʻlub boʻlib, oʻz yurtlaridan
surgun qilinadi.
“Shohlar (uchinchi kitob)” va “Shohlar (toʻrtinchi kitob)”ning asl nusxasi bitta
ibroniycha kitob boʻlib, ikkala qismini bitta oʻramga joylash uzunlik qilgani uchun, kitob ikki qismga — “Shohlar (uchinchi kitob)” va “Shohlar (toʻrtinchi kitob)”ga boʻlingan.
“Shohlar (uchinchi kitob)” uch qismdan iborat. Birinchi qismda (1-2–boblar) shoh Dovud hayotining soʻnggi yillari va uning oʻgʻli Sulaymon Isroil shohi boʻlgani toʻgʻrisida hikoya qilinadi. Ikkinchi qism (3-11–boblar) Sulaymon hukmronligi davridagi voqealarni oʻz ichiga olib, bu qismda u qanchalik shuhrat taratgani va boyigani toʻgʻrisida hikoya qilinadi. Ikkinchi qismda, asosan, Sulaymon qanday qilib Xudoning
Quddusdagi uyini qurgani va uni Xudoga bagʻishlagani toʻgʻrisida bayon qilinadi.
Kitobning qolgan qismi (12-22–boblar) Sulaymonning vafotidan keyin yuz bergan voqealardan — shimoldagi qabilalarning Sulaymon oʻgʻli Raxabomga qarshi isyon koʻtargani, Isroil xalqining ikkita alohida shohlikka boʻlinib ketgani toʻgʻrisidagi voqealardan iborat. Janubdagi shohlik — Yahudo, shimoldagisi — Isroil deb ataladigan boʻladi. Kitobning bu qismi ikkala shohlikning hukmdorlari tarixini oʻz ichiga oladi. Har bir shoh Xudoga boʻlgan sodiqligiga qarab hukm qilinadi. Agar shoh Xudoning
qonuniga sodiq boʻlib, Unga itoat etsa, yaxshi deb maqtaladi. Agar Xudoga itoatsizlik qilib, toʻgʻri yoʻldan ozsa, qabih deb hukm qilinadi. Hamma Isroil shohlari Xudodan yuz oʻgirib, begona
xudolarga sajda qilganlari uchun, qabih shohlar deb hukm qilinadi. Yahudo shohlarining koʻpchiligi oʻz bobolari shoh Dovuddan namuna olib, uning yoʻlidan yurganlari va Xudoga sajda qilganlari uchun yaxshi shohlar deb eʼtirof etiladi.
“Shohlar (uchinchi kitob)” yana Isroilning, yaʼni shimoliy shohlikning qabih hukmdori Axab va malika Izabelga qarshi turgan Ilyos paygʻambar toʻgʻrisidagi mashhur voqealarni ham qamrab olgan. Ilyos paygʻambar Isroil xalqini Xudoga itoat etishga va begona xudolarga sajda qilmaslikka daʼvat etadi. Ushbu kitob Yahudo shohi Yohushafat va Isroil shohi Oxoziyo hukmronligi davridagi voqealar bilan tugaydi.